QISHLOQ XO‘JALIGI VAZIRLIGI MUROJAATI!

Hurmatli fermer xo‘jaliklari rahbarlari, klasterlar va agrotarmoq mutasaddilari!
Bugungi kunda yurtimiz dalalarida zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali paxta hosilini avvalgi yillarga nisbatan yanada mo‘l va sifatli yetishtirish, barakali xirmon yaratish yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda.
Biroq hosilning yetilish davriga kelib, ayrim hududlarda hali to‘liq pishib yetilmagan, vazn yig‘ish jarayonidagi paxtani terib olish ishlari boshlanayotganini ijtimoiy tarmoqlarda kuzatmoqdamiz.
Ayrim dalalarda g‘o‘zapoya hali to‘liq qurimagan, o‘simlikda yashil barglar va ko‘saklar mavjud bo‘lishiga qaramay, paxta terimiga kirishilmoqda.
Bu kabi dalalar hali terimga to‘liq tayyor emas!
Chunki paxta maydonlarida defoliatsiya va dessikatsiya tadbirlarini belgilangan agrotexnik talablar asosida to‘liq va sifatli amalga oshirish nihoyatda muhimdir.
Muhim eslatma!
G‘o‘zada paxta ochilgan, barg va ko‘saklar mavjud bo‘lishi mumkin. Ammo g‘o‘zapoya hali to‘liq qurimagan bo‘lsa, bunday daladagi hosil to‘liq pishib yetilgan hisoblanmaydi.
G‘o‘zaning yetilish jarayonini to‘liq yakunlash, mavjud ko‘saklardagi paxtaning vazn yig‘ishi va sifatining oshishi uchun dessikatsiya tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish zarur.
Barcha agrotexnik tadbirlar to‘g‘ri va ketma-ketlikda amalga oshirilgan dalalarda yuqori hosildorlikka erishish, ayrim maydonlardan gektariga 100 sentnergacha hosil olish imkoniyati mavjud.
Shoshqaloqlik bilan terimni erta boshlash esa hali olinishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha hosil va daromaddan mahrum bo‘lishga olib keladi.
UNUTMANG!
Dessikatsiya — paxta hosilini yetishtirishdagi eng muhim agrotexnik n jarayonlardan biridir!
Ammo ayrim hollarda fermerlar defoliatsiya va dessikatsiyadan so‘ng paxtaning vazni oshadi, degan noto‘g‘ri tushuncha bilan dalalarni sug‘ormoqda.
Bu mutlaqo noto‘g‘ri qarashdir!
Sug‘orish natijasida g‘o‘za o‘simligi mavjud ko‘saklarni oziqlantirish va hosilning yetilishini yakunlash o‘rniga yana yangi barglar chiqarishga kuch va oziqa sarflaydi.
Natijada o‘simlikdagi mavjud oziqa moddalari ko‘sak va chanoklarga emas, yangi barglarning rivojlanishiga yo‘naltiriladi. Bu esa hosilning yetilishini kechiktirib, uning vazni va hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
OGOH BO‘LING!
Defoliatsiya va dessikatsiya qilingan paxta maydonlarini sug‘orish qat’iyan ma’n qilinadi!
Shu sababli barcha fermer xo‘jaliklari, klasterlar, hududiy rahbarlar va agrotarmoq mutasaddilaridan:
• paxta maydonlarida defoliatsiya va dessikatsiya tadbirlarini sifatli tashkil etish;
• g‘o‘za to‘liq yetilib, agrotexnik jarayonlar yakunlanmasdan turib terimni boshlamaslik;
• dessikatsiyadan so‘ng dalalarni asossiz sug‘ormaslik;
• har bir maydondagi hosilning yetilish holatini qat’iy nazorat qilish so‘raladi.
Yana bir bor eslatamiz!
Yil davomida qilingan mashaqqatli mehnatning munosib natijasini ko‘rish uchun hosilni yig‘ib olishda shoshilmaslik, barcha agrotexnik talablarga to‘liq rioya qilish lozim.
To‘liq yetilmagan hosilni terishga shoshilmang!
Belgilangan agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirish orqali qo‘shimcha hosil olish, ayrim maydonlarda gektariga 20 sentnergacha qo‘shimcha paxta yetishtirish imkoniyatidan unumli foydalaning.
Bu nafaqat sizning daromadingizni oshiradi, balki hosildorligi past maydonlardagi yo‘qotishlarni qoplash va mamlakatimizda barakali paxta xirmonini yaratishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi barcha mas’ullarni paxta hosilini yig‘ib olish jarayoniga mas’uliyat bilan yondashishga va har bir daladagi mavjud imkoniyatdan to‘liq foydalanishga chaqiradi!
Website Telegram Facebook YouTube Instagram