KUNGABOQAR — DAROMADLI EKIN

Kungaboqar – murakkabguldoshlar oilasiga mansub bir yillik o‘simlik, asosiy moyli ekinlardan biri. Vatani – Shimoliy Amerika. Yovvoyi holda o‘sadigan kungaboqarni ispanlar Yevropaga 1510-yilda keltirgan. Dastlab manzarali o‘simlik sifatida ekilgan.
Ildizi o‘q ildiz, yaxshi rivojlangan, poyasi tik o‘sadi, dag‘al, yuqori qismi shoxlanadi, bo‘yi 4 m gacha boradi. Bargi oddiy, yirik, ketma-ket joylashgan, dag‘al tuklar bilan qoplangan. To‘pguli savatcha (diametri 35–40 sm) ko‘rinishida bo‘ladi. Savatcha markazidagi gullar yoysimon, ikki jinsli, chetdagilari qizg‘ish-sariq, tilsimon bo‘ladi. Chetdan changlanadi. Mevasi – pista, 4 qirrali, rangi oq, kulrang, qora tusda bo‘ladi.
Kungaboqar urug‘ining kattaligiga, moyining miqdoriga va mag‘zining chiqishiga qarab 3 guruhga bo‘linadi: Moyli kungaboqar – pistasi mayda, 1000 donasining vazni 35–80 g, mag‘zi tarkibida 53–63% moy bor. Chaqiladigan kungaboqar – pistasi yirik, 1000 donasining vazni 100–170 g, mag‘zining tarkibida 20–35% moy bo‘ladi, poyasidan silos ham bostiriladi.
Oraliq kungaboqar – hamma ko‘rsatkichlari o‘rtacha bo‘ladi. Kungaboqar urug‘i 4–6°C haroratda 10–15 kunda unib chiqadi. Maysasi – 6°C sovuqqa bardoshli. Issiqlikka talabchan, yorug‘sevar, qisqa kunli, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik. Soya joyda yaxshi rivojlanmaydi. O‘suv davri 80–140 kun bo‘ladi. Ozuqaga talabchan, 1 tonna pista va poyabarg hosil qilishi uchun 50–60 kg azot, 20–25 kg fosfor, 120–160 kg kaliy talab qiladi.
Kungaboqardan, asosan, ovqatga ishlatiladigan kungaboqar moyi olinadi. Silosbop navlaridan silos bostiriladi, chiqindilaridan shrot olinadi. Kunjarasidan chorva mollariga yuqori sifatli ozuqa o'rnida foydalaniladi.
Kungaboqar erta bahorda tuproq harorati 8–12°C ga yetganda va takroriy ekin sifatida kuzgi bug‘doy va arpadan keyin ekiladi. Ekishdan oldin yer tekislanadi. Yer haydashdan oldin gektariga 20 t go‘ng, azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar solinadi. Ekish uchun mahalliylashtirilgan navlar urug‘i keng qatorlab va punktir usulda 5–8 sm chuqurlikda ekiladi. Sug‘oriladigan maydonlarda ko‘chat qalinligi gektariga 60 ming tup bo‘lishi lozim. Urug'lik sarfi gektariga pista uchun 5–8 kg, silos uchun 35–40 kg bo'lishi kerak.
Kungaboqar urug‘i ekishdan oldin zararkunanda va kasalliklarga qarshi dorilanadi. Ekishda makkajo‘xori ekiladigan seyalkalardan foydalaniladi. O‘suv davrida qator orasi 2–3 marta kultivatsiya qilinadi, 5–6 marta sug‘oriladi. Gullash davrida ekinzorda asalari uyalari qo‘yilsa kungaboqar gullari yaxshi changlanadi. Gullash davrida ko‘p suv talab qiladi. Sug‘orish me’yori gektariga 600–800 m3. Kungaboqarning yetilganligini savatining sariq-jigarrangga kirganligiga qarab aniqlash mumkin. Hosil don kombaynlarida maxsus moslama bilan o‘rib olinadi.
Navlari: O‘zbekistonda "VNI-IMK 8931", "Chkalov giganti" navlari ekiladi.
Zararkunandalari: simqurtlar, soxta simqurtlar, kungaboqar kapalagi, kemiruvchi tunlamlar va boshqalar.
Kasalliklari: oq chirish, kulrang chirish va boshqalar, begona o‘tlardan shumg‘iya juda zararlidir.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube