Zamonaviy agrotexnologiyalarga bag‘ishlangan amaliy seminar

Joriy yilning 21-oktabr kuni Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarga bag‘ishlangan amaliy seminar start oldi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi taklifiga binoan, Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi (ICAC)ning texnik direktori, doktor Keshav Kranti ishtirokida tashkil etildi.
Seminarda paxtachilik, tuproqshunoslik, mikrobiologiya sohalarida faoliyat yuritayotgan olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va agroservis markazlari mutaxassislari, shuningdek, amaliy agronomlar ishtirok etdilar.
Kunning birinchi yarmida doktor Keshav Kranti “Biochar”, “Bokashi” va “Jivamrit” texnologiyalarini samarali qo‘llash, ularning agroekotizim barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyati hamda ushbu usullarni qishloq xo‘jaligi amaliyotiga keng joriy etish bo‘yicha ma’ruza qildi.
Kunning ikkinchi qismida esa mazkur texnologiyalarning amaliy qo‘llanilishi — “Biochar”, “Bokashi” va “Jivamrit”ni kompostlash, ya’ni tayyorlash jarayonlari ishtirokchilarga namoyish etildi. Mutaxassislar organik moddalarning qayta ishlanishi, tuproqning biologik faolligini oshirish va karbon aylanishi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar bugun, 22-oktabr, va ertaga, 23-oktabr kunlari ham davom etadi. Dasturda tuproq unumdorligini baholash, uning pH muhitini aniqlash asosida kompostlarni samarali qo‘llash, tuproqdagi karbonat angidridni saqlash hamda qayta tiklanuvchi qishloq xo‘jaligi tizimiga integratsiya qilishga oid taqdimotlar va amaliy ko‘rgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube