Yuqori hosildorlikka erishishda agrotexnik tadbirlarning o‘rni katta

Ayni paytda Jizzax viloyatida bo‘lib turgan vazir Ibrohim Abdurahmonov navbatdagi manzil bo‘yicha Sharof Rashidov tumani “Shirin” fermer xo‘jaligi dala maydoni bilan tanishdi.
34,1 gektar yer maydonini egallagan hududda g‘o‘zaning mahalliy “Ravnaq-1” va “Ravnaq-2” navlari yetishtirilmoqda. G‘o‘zaning vegetativ holatini ko‘zdan kechirgan vazir, shu kungacha ko‘rsatilgan agrotexnik tadbirlar jarayoni va xo‘jalik mehnat jamoasining kelgusi harakatlar rejasi bilan qiziqdi.
Fermer xo‘jaligi rahbarining ma’lum qilishicha, dalaga ekilgan g‘o‘za navlarini yetishtirishda mulchalash, somon to‘shash, plyonka ostiga ekish hamda tomchilatib sug‘orish kabi agrotexnologiyalardan foydalanilib, ushbu usullarning samaradorligi bir-biriga taqqoslab o‘rganilmoqda.
G‘o‘zalarning holatini ko‘zdan kechirgan vazir Ibrohim Abdurahmonov agrar sohada izlanishlar olib borish, tajriba to‘plash yaxshi amaliyot ekanligi, lekin bu kabi amaliyotlar hosilni yo‘qotish hisobiga qilinmasligi lozimligini ta’kidlar ekan, g‘o‘zaning vegetativ holatini yaxshilash va hosildorlikni oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Mutaxassislarning fikricha, tomchilatib sug‘orish tizimi va plyonka ostiga ekish ishchi kuchi va begona o‘tlarga qo‘llaniladigan gerbitsid uchun sarflanadigan mablag‘ni tejashga imkon yaratmoqda. Dalada g‘o‘za nihollari 76 ga 5 sxemada ekilgan bo‘lib, hisoblab chiqilganda gektariga 150 ming atrofida ko‘chatni tashkil etadi. Hosildorlik ham shunga yarasha 55-60 sentner bo‘lishi kutilmoqda.
Darhaqiqat dalada omilkorlik va ilmiy yondashuv asosida ishning tashkil etilmagani yaqqol sezilib turibdi. Shu bois nafaqat fermer xo‘jaligi rahbariga, balki tuman va viloyat mutasaddilariga g‘o‘za maydonlarida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram