Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Yuqori hosil sari ilmiy yondashuv: Yangibozorda amaliy seminar o‘tkazildi

Yuqori hosil sari ilmiy yondashuv: Yangibozorda amaliy seminar o‘tkazildi
Xorazm viloyatida ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yangibozor tumani hokimligi binosida fermerlar, agronomlar, soha mutaxassislari hamda ilmiy xodimlar ishtirokida paxtachilikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazdi. Seminarda zamonaviy paxtachilikning ustuvor yo‘nalishlari, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish hamda yuqori hosildorlikka erishishning samarali mexanizmlari keng muhokama qilindi. Tadbirning asosiy mavzusi “Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 ta qonuni” bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda paxtachilikda yuqori natijalarga erishish faqat agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bilangina cheklanmaydi. Buning uchun har bir jarayonni ilmiy asosda tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish talab etiladi. Shu bois seminar davomida yuqori hosildorlikka erishishning sakkizta qonuni batafsil tushuntirilib, ularning amaliy ahamiyati hamda hosildorlikka ta’siri real misollar asosida yoritildi. Tadbirda nafaqat hosildorlik masalalari, balki ekologik barqarorlik va tuproq salomatligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb muammoga aylangan mikroplastik ifloslanishning qishloq xo‘jaligiga ta’siri yuzasidan fikr almashildi. Qayd etilganidek, dalalarda qolib ketayotgan plastik chiqindilar vaqt o‘tishi bilan maydalanib, mikroplastiklarga aylanishi mumkin. Bu esa tuproqning biologik faolligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, o‘simliklar orqali oziq-ovqat zanjiriga kirib borish xavfini yuzaga keltiradi. Shu bois fermerlarga dalalarda ekologik madaniyatni oshirish, plastik chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ishtirish va qayta ishlashga topshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, insoniyat oldidagi global muammolardan biri bo‘lgan antibiotiklarga chidamlilik masalasi ham muhokama qilindi. Vazir ushbu muammo oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidlab, sog‘lom agroekotizimni shakllantirish va ilmiy asoslangan yondashuvlarni keng qo‘llash zarurligini qayd etdi. Seminar davomida g‘o‘za yetishtirishda kremniy o‘g‘itlaridan foydalanish imkoniyatlari ham alohida ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, ushbu turdagi o‘g‘itlar shu paytgacha asosan meva-sabzavot ekinlarida qo‘llanib kelgan. Endilikda esa o‘zbekistonlik olimlar tomonidan ularni paxtachilikda qo‘llash bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Seminar yakunida fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga olimlar va mutaxassislardan batafsil javob oldilar. Dala sharoitida uchrayotgan muammolar yuzasidan fikr almashilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar va amaliy yechimlar taqdim etildi. Website Telegram Facebook YouTube Instagram

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.