Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi

Qishloq xo‘jaligi vazirligida har haftaning payshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari doirasida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida tahsil olayotgan doktorantlar, ilmiy izlanuvchilar hamda faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi M. Bo‘ronov ishtirok etib, yoshlarning ilmiy izlanishlari, amaliy tajribalari, taklif va tashabbuslari bilan yaqindan tanishdi. Muloqot davomida yosh tadqiqotchilarning doktorlik va dissertatsiya ishlari, tajriba-sinov jarayonlari, yangi navlarni yaratish hamda sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik yo‘nalishida innovatsion yondashuvlarni joriy etish borasidagi faoliyati muhokama qilindi.
Shuningdek, yoshlarning sohaviy bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, ularni xalqaro tajribalar bilan tanishtirish, zamonaviy ilmiy adabiyotlardan foydalanish hamda amaliyotga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqot davomida doktorantlar va amaliyotchi talabalar tomonidan yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, tajriba maydonlaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va grantlarda ishtirok etish, xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.
Yakunda yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, ilmiy izlanishlarda innovatsion yondashuvlardan foydalanish, qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda ilmiy faoliyatni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ta’kidlanganidek, yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish vazirlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram