Xitoyning Xubey universiteti o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov bugun Xitoyning Xubey universiteti va Yuchengxing biotexnologiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv avvalida Milliy markaz rahbari Shuhrat Otajonov Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining maqsad va vazifalari xususida mehmonlarga atroflicha ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng delegatsiya vakillari tashrifdan maqsad, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy kadrlar malakasini oshirish va qo‘shma seminarlar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilish ekanligini ma’lum qildi.
Tomonlar uchrashuvdan ko‘zlangan maqsadlarni muhokama qilar ekan, Milliy markaz rahbari o‘z vakolati doirasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga tayyor ekanligini bildirib, agrar soha ilm-fani yo‘nalishida xitoylik hamkorlar bilan mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Bu borada Milliy markazda “O’zbekiston-Xitoy” Yanlin innovatsion agrotexnoparki tashkil etilayotganligini qayd etdi.
Xitoylik mehmonlar o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan Xubey universiteti haqida batafsil ma’lumot berdilar. Qayd etish kerakki, Xubey universiteti Xubey provinsiyasi hukumati va Xitoy Taʼlim vazirligi tomonidan birgalikda boshqariladigan nufuzli oliy ta’lim muassasasi sanaladi. 2024 yil oxiriga kelib Xubey universitetida 1600 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, jumladan 1000 dan ortiq professor va dotsentlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Xubey universiteti 40 dan ortiq mamlakat va mintaqalarda 150 ga yaqin universitet va tadqiqot institutlari bilan akademik almashinuv va hamkorlik dasturlarini yo'lga qo'ygan.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan istiqbolli qo‘shma rejalar ishlab chiqishga kelishib olindi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube