Xazarbog‘ tajriba maydoni: kelajak hosili bugun yaratilmoqda

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Surxondaryo viloyatiga ishchi tashrifi davomida Denov tumanida joylashgan Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutining Xazarbog‘ tajriba uchastkasida olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar bilan tanishdi.
98,3 gektar maydonni egallagan tajriba uchastkasida paxtachilikda yuqori natijalarga erishishga qaratilgan yangi yondashuvlar, zamonaviy agrotexnologiyalar va istiqbolli navlar sinovdan o‘tkazilmoqda.
Uchastkaning 25 gektar maydonida Shinjon texnologiyasi asosida xorijiy paxta navlari yetishtirilmoqda. Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, g‘o‘zaning rivojlanish holati yaxshi bo‘lib, mavsumiy agrotexnik tadbirlar belgilangan tartibda olib borilmoqda.
Jumladan, g‘o‘za pishishini boshqarish maqsadida 1-avgustdan Etefon qo‘llash, hosilni sifatli yetishtirish jarayonining keyingi bosqichida esa Aguron preparati bilan ishlov berish rejalashtirilgan.
Tajriba uchastkasida “Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 qonuni” tamoyillari asosida agrotexnik tadbirlar tashkil etilgan. Mazkur yondashuv o‘simlikning biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda parvarish ishlarini olib borish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Tashrif davomida vazir ilmiy xodimlar va olimlar bilan uchrashib, paxtachilikda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, tajriba natijalarini ishlab chiqarishga keng tatbiq qilish hamda hosil sifati va samaradorlikni oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Albatta, ilmiy izlanishlar natijasini dalada ko‘rsatishi, amaliyot esa yangi ilmiy yechimlar uchun asos bo‘lishi kerak.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram