Xalqaro “Uzum sayli” festivali yakunlandi

Xabar berib borganimizdek, 2 kun davomida, ya’ni 23-24-avgust sanalarida Toshkent viloyati Parkent tumani Zarkent qishlog‘ida uzum yetishtirish bo‘yicha yetakchi markazlardan biri bo‘lgan uzumchilik fermer xo‘jaligida Xalqaro “Uzum sayli” festivali bo‘lib o‘tdi.
ℹFestival doirasida biznes-seminarlar, xorijiy va mahalliy yetakchi mutaxassislarning mahorat darslari, shuningdek, festivalning biznes zonasida taqdimotlar, muzokaralar o‘tkazildi. Festival dasturidan O‘zbekistonning yetakchi vinochilarining hamda qo‘shma korxonalarning taqdimotlari va degustatsiyalari, nodir vinolarni sotish bo‘yicha auksionlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, folklor jamoalari, estrada san’atkorlari chiqishlari, xalq urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi keng ko‘lamli madaniy dastur tashkil etildi. Eng yaxshi oshpazlar milliy pazandachilik mahsulotlari namunalarini, uzumdan an’anaviy milliy ichimliklar va shirinliklar tayyorlash mahoratini namoyish etishdi.
Festivalda O‘zbekiston Respublikasining 12 ta viloyatidan fermer xo‘jaliklari, mamlakatimiz vino zavodlari, tabiiy ichimliklar, sharbatlar va sharbat konsentratlari ishlab chiqarish korxonalari ekspozitsiyalari ishtirok etdi.
2023-yilda 100 mingdan ortiq mahalliy hamda 1 000 dan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan. Bu yilgi festivalga 500 ming nafarga yaqin mahalliy hamda 3 mingga yaqin xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi.
Festival doirasida tanlov tashkil etildi. Unda viloyatlar hamda tuman-shaharlar o‘rtasida uchta o‘rin sohiblari pul mukofoti bilan, 10 ta nominatsiya egalari esa ikki kamerali muzlatkich bilan taqdirlandi.
Xususan, “Eng faol ishtiroki, stendlarining milliy ruhda bezatilishi, badiiy chiqishlari hamda uzum navlarining noan’anaviy namoyishi” nominatsiyasi uchun viloyatlar o‘rtasida Namangan viloyati birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, tuman va shaharlar o‘rtasida Oqqo‘rg‘on tumani birinchi bo‘ldi.
Ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni viloyatlar o‘rtasida Toshkent hamda Buxoro viloyatlari egallagan bo‘lsa, tuman va shaharlar orasidan Piskent hamda Bo‘stonliq tumanlari ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni egalladi.
Bundan tashqari, vinochilikdagi innovatsion yondashuv uchun 10 ta nominatsiya bo‘yicha ham g‘oliblar nomi aniqlanib, mukofotlar topshirildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram