XALQARO KONFERENSIYA QIZG’IN DAVOM ETMOQDA

“Uzum sayli va xalqaro vinochilik festivali” doirasida tashkil etilgan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya qizg’in tarzda o’tmoqda. Ma’ruzalar mahalliy hamda xorijiy ekspertlar tomonidan olib borilmoqda. Unda uzum yetishtirish agrotexnologiyalari, serhosil uzum navlarini ko'paytirishda tokzorlarda uchraydigan har xil kasalliklarga qarshi kurashish usullari haqida nafaqat yurtimiz olimlari va soha mutaxassislarining, balki Yevropa davlatlaridan tashrif buyurgan tajribali mutaxassislarning ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Ahamiyatlisi, konferensiya ishtirokchilari o’zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan kerakli javoblarni olishmoqda.
O‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy konferensiyada “Uzum yetishtirish va saqlashning innovatsion texnologiyalari”, “In vitro sharoitida uzumning payvandtag va payvandtaglarini ko‘paytirish agrotexnologiyasi”, “Hosilli tokzorlar intensiv texnologiyasi”, “Uzumning sharobbop navlarini tanlash va yetishtirishda tavsiyalar”, “Uzumning mayizbop navlarini o‘stirish usullarining hosil va hosil sifatiga ta'sirini o‘rganish”, shuningdek, hududning turizm salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha xalqaro tajriba, uzumchilikda standartlash va sertifikatlash tizimini joriy etish (GLOBAL GAP, ORGANIC), tok tuplarining yashil qismlari bilan bog‘liq ishlar borasida ham bir qator ma'ruzalar tinglanmoqda.
Tadbir doirasida xorijiy biznes doiralari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Mahalliy va xorijiy investorlar hamda ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida turli bitim va kelishuvlar imzolanmoqda.
Shuningdek, “Uzum sayli” doirasida “Eng yaxshi uzum navi” va “Eng yaxshi vino mahsuloti” nominatsiyalari bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovi, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar ko‘rgazmalari hamda boshqa madaniy tadbirlar tashkil etilishi ko'zda tutilgan.
#uzumchilik #uzum_sayli #xalqaro_konferensiya
WebsiteTelegramFacebookYouTubeInstagram