Tritikale — yuqori oqsilli va serhosil don ekini

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutida tritikale ekinlarining urug‘ ko‘paytirish maydonlari o‘rganildi. Ishchi guruh rahbari O‘lmasbek Sobitov va institut direktori Ravshanbek Siddiqov Izboskan tumanidagi tajriba maydonlarida yetishtirilayotgan tritikale navlari holati bilan tanishdi.
Bugungi kunda institut olimlari tomonidan Rossiyadan keltirilgan 7 ta tritikale nav namunasi respublikamizning sug‘oriladigan maydonlarida introduksiya qilinib, urug‘chilik ishlari olib borilmoqda.
Tritikalening ahamiyati uning yuqori ozuqaviy qiymati bilan izohlanadi. Uning doni tarkibidagi oqsil miqdori bug‘doyga nisbatan 1,0–1,5 foizga, javdarga nisbatan esa 3,0–4,0 foizga yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, don tarkibida 3,8 foiz lizin va 2,0–4,0 foiz yog‘ mavjud.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mineral o‘g‘itlar me’yori oshirilganda tritikale hosildorligi gektariga qo‘shimcha 0,83–1,68 tonnaga ortishi kuzatilgan. Ekinning yashil massasi ham yuqori ozuqaviy qiymatga ega bo‘lib, 1 kilogramm ko‘k massasida 0,3 ozuqa birligi mavjud. Shu bois tritikale doni va yashil massasi chorvachilikda qimmatli ozuqa manbai hisoblanadi. U sifatli yem-xashak tayyorlashda keng qo‘llaniladi.
Ayni paytda institutning Izboskan tumanidagi Istiqlol dala tajriba maydonining 7,5 gektarida TIT-1 (1,3 ga), Tixon (1,3 ga), Xleborob (1,2 ga), Kunak (1,2 ga), Svat (1,0 ga), Sergiy (1,0 ga) va Yarilo (0,5 ga) nav namunalarining urug‘ ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda. Bu navlar kelgusida respublikada tritikale yetishtirish hajmini kengaytirish va chorvachilik uchun ozuqa bazasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube