Toshkent — ECOSAga a’zo davlatlar vakillarini jamladi

Bugun Toshkent shahridagi InterContinental Tashkent mehmonxonasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Urug‘chilar assotsiatsiyasi (ECOSA) hamkorligida 9-ECOSA urug‘chilik kongressi o‘z ishini boshladi.
“Sifatli urug‘ — barqaror hosil — farovon qishloq xo‘jaligi” shiori ostida tashkil etilgan xalqaro forum urug‘chilik sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy seleksiya yutuqlari va ilg‘or texnologiyalarni ommalashtirish, sifatli urug‘lik yetishtirish hamda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Kongressni Qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov kirish so‘zi bilan ochib, kongress ishiga muvaffaqiyat tiladi. U o‘z nutqida urug‘chilikdagi mavjud muammolar, ularning yechimlari va tashkilotga a’zo davlatlar nav almashish hamda ularni tajriba maydonlarida sinovdan o‘tkazish bo‘yicha o‘z taklifini bildirdi.
Ikki kun davom etadigan kongressda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar delegatsiyalari, mamlakatimizning barcha hududlaridan vakillar, urug‘chilik xo‘jaliklari, Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, klaster va fermer xo‘jaliklari, investorlar hamda xorijiy hamkorlar ishtirok etmoqda.
Kongress doirasida urug‘chilik sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish va istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, zamonaviy navlar va seleksiya texnologiyalari, urug‘lik sifatini ta’minlash, xalqaro standartlar hamda eksport salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube