Toshkent davlat agrar universitetining 95 yilligi — ilm va mehnat tantanasi

Toshkent davlat agrar universitetida qishloq xo‘jaligi sohasi taraqqiyotining muhim bosqichlarini o‘zida mujassam etgan tarixiy sana — universitetning 95 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan o‘tkazilayotgan “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mamlakatimiz agrar sohasining hozirgi yutuqlari va kelajak yo‘nalishlarini yoritishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Konferensiya doirasida soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan fidoyi insonlarning mehnati ham yuksak e’tirof etildi. Ular orasida agrar ta’lim tizimi rivojiga, ilmiy izlanishlarga, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirishga o‘z hayotini bag‘ishlagan insonlar bor.
Bir guruh fidoyilar “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. Mukofotlarni Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tantanali tarzda topshirdi. Shuningdek, “Ko‘p yillik samarali mehnati va xizmat vazifasiga sadoqati uchun” faxriy yorliqlari, “Oliy ta’lim a’lochisi”, “Nuroniy” jamg‘armasining “Mehnat faxriysi”, hamda “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishonlari ham o‘z sohasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassislarga topshirildi.
Bu e’tiroflar nafaqat fidoyi insonlarning shaxsiy yutug‘i, balki butun agrar tizimning, yurtimiz dehqonlari va olimlarining mehnatiga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilindi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram