Suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi.
Suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi. Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, ya’ni bu yilgiga nisbatan 4 barobar ko‘p yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025-yildan boshlab kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga o‘tiladi.
Buning uchun noyabr-mart oylari eng qulay vaqt ekani, loyihasi tayyor kanallarda qurilishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi. Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 ming 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga o‘tkazish topshirildi. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordamlashib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi aytildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram