SHOLICHILIKNI RIVOJLANTIRISHDA JANUBIY KOREYA BILAN HAMKORLIK

O‘zbekistonda sholichilik tarmog‘ini ilmiy asosda rivojlantirish, hosildor va sifatli navlarni yaratish, zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish borasida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik izchil davom etmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Koreya Respublikasining “KOPIA” xalqaro tashkiloti hamkorligida 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan “Sholining serhosil navlarini tanlash, zamonaviy agrotexnologiyaga ega urug‘chilik asosida O‘zbekistonda barqaror oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” xalqaro loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha uchun 3,7 mln AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan.
Joriy yilda loyiha doirasida respublikamizning Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sholichilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va klasterlarining 1320 gektar maydonida yuqori avlodli sholi urug‘lari yetishtirildi.
Bugungi kunda sholichilikni rivojlantirishda hosildorlik bilan bir qatorda suv resurslaridan samarali foydalanish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu sababli O‘zbekiston–Koreya hamkorligi doirasida suvni tejash usullari, lazerli tekislash, dala suvini boshqarish va boshqa yuqori samarali agrotexnologiyalar bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va klasterlar uchun o‘quv seminarlari tashkil etildi. Loyiha doirasida institut hududida sholini tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etildi va kelgusida suv sarfini kamaytirish bilan birga yuqori va sifatli hosil olish imkoniyatlari ilmiy jihatdan sinovdan o‘tkazildi.
Hamkorlikning yana bir muhim jihati — sholichilik ilm-fanining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.
3,7 mln dollarlik loyiha doirasida 2026-yilda qiymati 203,4 ming AQSH dollariga teng boʻlgan 10 turdagi qishloq xo‘jaligi texnika-agregatlari, laboratoriya jihozlari va materiallarini olib kelindi. Shuningdek, Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida fundamental tadqiqotlarni yuqori saviyada olib borish uchun sholi fitotroni, institutning Xorazm filialida esa yuqori avlodli urug‘liklarni tayyorlashga xizmat qiluvchi fotoseparator qurilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha yakunida respublika bo‘yicha sholi hosildorligini gektariga o‘rtacha 58 sentner, suv tejamkorligini esa 22 foizga yetkazish reja qilingan. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat sholichilikning iqtisodiy samaradorligini oshirish, balki mamlakatimizda barqaror oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun ham muhimdir.
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube