Shinjon” texnologiyasi Kegeyli dalalarida o‘z samarasini ko‘rsatmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida Kegeyli tumanidagi paxta maydonlarida joriy etilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar natijadorligi bilan tanishdim.
Mazkur hududda “Ten Ping Nukus” qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda 40 gektar maydonda xorijiy paxta navlari “Shinjon” texnologiyasi asosida yetishtirilmoqda. E’tiborlisi, chigitlar 76x10 sxema asosida qo‘shqator usulda ekilib, plyonka ostiga olingan.
Ekinlarni oziqlantirish va sug‘orishda to‘liq tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilmoqda. Ayni paytda g‘o‘zalarning rivojlanish holati barqaror bo‘lib, ularning o‘sishi qoniqarli darajada kechmoqda.
Dala sharoitlarini ko‘zdan kechirar ekanman, “Shinjon” texnologiyasi amaliyotda o‘z samaradorligini namoyon etayotganini alohida ta’kidladim. Shu bilan birga, g‘o‘zani oziqlantirish va sug‘orishda agrotexnik me’yorlarga qat’iy amal qilish, ekinlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni, xususan, begona o‘tlarni o‘z vaqtida bartaraf etish zarurligini qayd etdim.
Tashrif davomida tumandagi kutilgan natijaga erisha olmayotgan “Ernepes Bektursun” fermer xo‘jaligiga qarashli paxta maydonlarini ham ko‘zdan kechirdim. Bu yerda tajribali fermerlar ishtirokida ustoz-shogird an’anasi asosida paxta navlarini yetishtirish ishlari tashkil etilgan.
Paxta navlari qo‘shqator usulda ochiq maydonga ekilgan. Biroq, hosildorlik va rivojlanish ko‘rsatkichlari kutilgan darajada emas. O‘rganish jarayonida tegishli agrotexnologiyalarni zudlik bilan va tizimli ravishda joriy etish zarurligini ta’kidladim hamda bu borada Paxtachilik kengashi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma asosida ish olib borish lozimligini qayd etdim.
Shuningdek, mas’ullarga g‘o‘za parvarishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdim. Ta’kidlanganidek, ilmiy asoslangan yondashuvlar, to‘g‘ri oziqlantirish va sifatli parvarishlash yuqori hosildorlikka erishishning eng muhim omillaridan biridir.