Seminar — hokim va agrar soha olimlari muloqot maydoniga aylandi

Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo ilmiy-tajriba stansiyasi qoshidagi “Hosildor zamin” zamonaviy ko‘chatchilik ta’lim markazida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, soha mutaxassislari, fermerlar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Milliy markaz tizimidagi ilmiy muassasalarda yaratilgan istiqbolli navlar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy agrotexnologiyalar hamda innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishdilar. Ko‘rgazmada bog‘dorchilik, sabzavotchilik, polizchilik va boshqa yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar namoyish etildi.
Seminarning eng muhim jihatlaridan biri uning Qashqadaryo viloyati hokimi va agrar soha olimlari o‘rtasidagi ochiq muloqot maydoniga aylanganida bo‘ldi. Muloqot davomida hududda qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashgan, qurg‘oqchilikka bardoshli, resurs tejamkor va serhosil ekin navlarini keng joriy etish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish hamda fermerlarning dolzarb muammolarini ilmiy yechimlar asosida hal etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Viloyat hokimi ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos nav va agrotexnologiyalarni ommalashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib, olimlar bilan fikr almashdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Hosildor zamin” zamonaviy ko‘chatchilik ta’lim markaziga zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari topshirildi. Mazkur texnikalar ilmiy yondashuv asosida ko‘chat yetishtirish va agrotexnologik jarayonlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Seminar yakunida agrar sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda ilmiy muassasalar va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube