Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Rivulis kompaniyasi hamkorligida suvni tejovchi texnologiyalar bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Rivulis kompaniyasi hamkorligida suvni tejovchi texnologiyalar bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida Rivulis kompaniyasi hamkorligida "Suvni tejovchi texnologiyalar va zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish" mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarni Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov ochib berdi. U o‘z nutqida suvni tejash bugungi kunda nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki butun insoniyat kelajagi uchun g‘oyat muhim masala ekanini ta’kidladi. Suv resurslari tobora cheklanib borayotgan bugungi sharoitda har bir tomchi suvdan oqilona va samarali foydalanish davr talabi ekanini qayd etdi. Shuningdek, u xalqimiz orasida "Suv keltirgan elda aziz" degan hikmatli maqol borligini eslatib, bugungi vaziyat ushbu hikmatga yangi ma’no baxsh etayotganini ta’kidladi. — Bugun suvni tejagan ham aziz. Chunki suvni asrash – kelajakni asrash demakdir, — dedi Nuriddin Qo‘shnazarov. Shundan so‘ng Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktorining o‘rinbosari Azizbek Bahodirov so‘zga chiqib, suv tanqisligi sharoitida suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tomchilatib sug‘orish, raqamli boshqaruv tizimlari hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish suv sarfini kamaytirish, hosildorlikni oshirish va resurslardan oqilona foydalanish imkonini beradi. Seminar davomida Rivulis kompaniyasi mutaxassislari tomchilatib sug‘orish tizimlarining zamonaviy yechimlari, ularni loyihalash, o‘rnatish va samarali ishlatish bo‘yicha taqdimot o‘tkazdilar. Shuningdek, ekinlarni sug‘orish bilan birga oziqlantirish, suv va mineral o‘g‘itlardan tejamkor foydalanish, raqamli monitoring tizimlari hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiluvchi innovatsion texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Taqdimotda Rivulis kompaniyasi bugungi kunda dunyoning 120 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritayotgani, kompaniya mutaxassislari tomonidan har yili 1 million gektardan ortiq maydonda tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etayotgani alohida ta’kidlandi. Zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari nafaqat suv sarfini kamaytirishi, balki ekinlarni oziqlantirish samaradorligini oshirib, hosildorlik va mahsulot sifatini yaxshilashi qayd etildi. Seminar ishtirokchilarida, ayniqsa, kompaniya tomonidan Peru sahrolarida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida barpo etilgan zamonaviy uzumzorlar haqidagi taqdimot katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu loyiha suv resurslari cheklangan hududlarda ham zamonaviy texnologiyalar yordamida yuqori hosildorlikka erishish mumkinligini yaqqol namoyish etdi. Shuningdek, Rivulis kompaniyasi O‘zbekistonda ham tadbirkorlar bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgani qayd etildi. Xususan, Parkent va Bo‘stonliq tumanlarida bog‘dorchilik hamda kartoshkachilik yo‘nalishlarida amalga oshirilgan yirik loyihalar bugungi kunda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Shuningdek, yaqin kunlarda Rivulis kompaniyasi hamkorligida institut hududida 25 sotix maydonda o‘quv-amaliy demonstratsion maydon tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Mazkur maydon fermerlar, agroklasterlar, tinglovchilar va soha mutaxassislari uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini amaliy o‘rganish, ilg‘or tajribalarni sinovdan o‘tkazish hamda ommalashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Seminar yakunida ishtirokchilar suv tanqisligi sharoitida har bir tomchi suvdan samarali foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish hamda ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tatbiq etish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladilar. Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring. WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.