Respublikada jut o‘simligi ilk bor keng maydonlarda yetishtirilmoqda
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan respublikaning turli hududlarida ilk bor tolali ekin turi hisoblangan jut o‘simligi 2000 gektar maydonda parvarish qilinmoqda. Ushbu ekin urug‘lari Hindistondan olib kelinib, mahalliy tuproq-iqlim sharoitlarida sinovdan o‘tkazildi.
Mazkur ekinni yetishtirish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan keng ko‘lamli tushuntirish va amaliy maslahat ishlari olib borilmoqda.
Xususan, jut ekini ekilishi rejalashtirilgan hududlardagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislari bilan joylarda uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda olimlar tomonidan jut yetishtirishning ilmiy asoslangan agrotexnologiyasi, ekish muddatlari, urug‘ sarfi me’yorlari, parvarishlash usullari, sug‘orish hamda oziqlantirish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga jut ekinini yetishtirish bo‘yicha maxsus tayyorlangan uslubiy qo‘llanmalar, tavsiyanomalar va boshqa tarqatma materiallar yetkazildi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida ekinni parvarishlashning muhim jihatlari, yuqori va sifatli hosil olish omillari hamda agrotexnik talablarga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur tadbirlar jut ekinini respublika sharoitida muvaffaqiyatli joriy etish, yuqori va sifatli hosil yetishtirish, shuningdek, mamlakatimizda alternativ tolali ekinlar yetishtirish hajmini kengaytirishga xizmat qiladi.
E’tiboringizga havola qilinayotgan tavsiyanoma ushbu ekin turini ilmiy asosda va to‘g‘ri parvarish qilishda siz uchun amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube