Qishloq xo‘jaligi vazirligining inson resurslarini boshqarish faoliyati “a’lo” deb baholandi

Inson kapitali — har qanday tashkilotning eng muhim va strategik resurslaridan biridir. Bugungi kunda davlat boshqaruvida ham xodimlarni samarali boshqarish, ularning salohiyatini rivojlantirish va zamonaviy inson resurslari tizimini yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 212-son qarori bilan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini har olti oyda bir marta baholash belgilangan.
Shunga muvofiq, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan 2026-yil I yarim yilligi yakunlari bo‘yicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha faoliyati baholandi. Mazkur baholash davlat organlarining inson resurslarini boshqarish yo‘nalishidagi faoliyatini har tomonlama tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, 12 ta indikator asosida amalga oshirildi.
Baholash yakunlariga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha faoliyati “a’lo” deb topildi. Bu natija vazirlikda inson kapitalini rivojlantirish, xodimlar faoliyatini samarali tashkil etish hamda inson resurslarini boshqarish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Mazkur baho, avvalo, vazirlikning inson resurslari yo‘nalishida olib borayotgan izchil ishlariga berilgan munosib e’tirofdir.
Zero, zamonaviy va samarali davlat boshqaruvi, eng avvalo, bilimli, salohiyatli, tashabbuskor va o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadigan kadrlar bilan chambarchas bog‘liq.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram