Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etishga doir Farmon ijrosi muhokama markazida

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi PF–40-son “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Milliy markaz direktori o‘rinbosari Azizbek Bahodirov raisligida o‘tgan yig‘ilishda Farmonda belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Xususan, Farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi doirasida bajarilayotgan ishlar, belgilangan topshiriqlarning ijro holati hamda kelgusi bosqichda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va mas’ul ijrochilar o‘zlariga biriktirilgan vazifalar ijrosi yuzasidan axborot berib, Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi faoliyatini tashkil etish, sohada fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot taqdim etdilar.
Muhokamalar davomida ilmiy muassasalar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, innovatsion loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga o‘z vaqtida erishish, ijro intizomini mustahkamlash hamda mas’ullar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida Farmon ijrosini ta’minlash har bir mas’ulning ustuvor vazifasi ekani ta’kidlanib, amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalarni tezkor va tizimli yoritib borish, shuningdek, jamoatchilikni islohotlar mazmun-mohiyatidan muntazam xabardor qilib borish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube