Qishloq ayollari: agrar sohada ilm va innovatsiyalar sari

Ayni paytda poytaxtimizdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida 15-oktabr — Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlangan “Fermer ayollar: ilm, innovatsiya va agrooziq-ovqat tizimi transformatsiyasi” mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda agrar sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning o‘rni, ularning ilm-fan va innovatsiyalardagi ishtiroki, fermer ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi amaliyotiga joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Forumni Qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Vazir o‘z nutqida bugungi kunda agrar sohada xotin-qizlarning faolligi tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Ayollar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bilan bir qatorda, ilm-fan, innovatsiya, ta’lim, tadbirkorlik va boshqaruv yo‘nalishlarida ham samarali faoliyat olib borayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, agrar sohani modernizatsiya qilish, agrooziq-ovqat tizimlarini barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ilmiy-tadqiqot muassasalarining o‘rni tobora ortib borayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda xotin-qiz olimalarning ilmiy salohiyati, amaliy ishlanmalari va innovatsion yondashuvlarini qishloq xo‘jaligi amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, 2026-yilning xalqaro miqyosda fermer ayollar mehnati va salohiyatini yanada keng targ‘ib etish uchun muhim imkoniyat yaratayotgani qayd etildi. Bu esa qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning sohani rivojlantirishdagi hissasini yanada keng namoyon etishga xizmat qilmoqda.
Forum doirasida ilm-fan va innovatsiyalarni agrooziq-ovqat tizimi transformatsiyasiga yo‘naltirish, zamonaviy texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi amaliyotiga joriy etish, iqlim o‘zgarishlariga moslashuv, oziq-ovqat xavfsizligi, fermer ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish hamda ilmiy-tadqiqot natijalarini ishlab chiqarish bilan integratsiyalash masalalari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Tadbirda, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarida faoliyat yuritayotgan olimalarning ilmiy ishlanmalari, tajribasi va innovatsion yondashuvlari namoyish etilmoqda. Bu orqali olimalar va fermer ayollar o‘rtasida muloqot hamda tajriba almashinuvini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube