Paxtachilikda ilm, texnologiya va agrotexnik yondashuv uyg‘unligi – hosildorlik garovi

Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida paxtachilik sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Paxtachilik kengashi olimlari, vazirlik markaziy apparati vakillari, AKIS mas’ullari hamda sohaga aloqador mutaxassislar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida joriy paxta mavsumini ilmiy yondashuv asosida tashkil etish, agrotexnologiyalar samaradorligini oshirish hamda hududlarda olib borilayotgan ishlarni tizimli muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar markazida joriy mavsumda qizil, ko‘k, yashil va oq rangdagi an’anaviy plyonkalar ostiga chigit ekish bo‘yicha olib borilayotgan tajribalar va ularning dastlabki natijalari alohida tahlil qilindi. Ushbu tajribalar orqali tuproq namligini saqlash, haroratni me’yorlashtirish, unib chiqish jarayonini tezlashtirish hamda hosildorlikni oshirish imkoniyatlari ilmiy asosda o‘rganilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirish, sifatli va sertifikatlangan chigit yetishtirish, hududlarning agroiqlim xususiyatiga mos navlarni tanlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Olimlar tomonidan mahalliy va xorijiy g‘o‘za navlarining rivojlanish ko‘rsatkichlari, ularning hosildorlik salohiyati hamda kasallik va zararkunandalarga chidamlilik darajasi yuzasidan tahlillar taqdim etildi.
Agroklasterlar faoliyatida uchrayotgan muammolar, xususan, sug‘orish tizimini takomillashtirish, suv ta’minoti barqarorligini ta’minlash, ochiq maydonlarda samarali sug‘orish usullarini keng joriy etish yuzasidan ham ilmiy takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilishda paxta dalalarida uchraydigan zararkunandalarga qarshi kurashish, biologik va kimyoviy himoya vositalarini uyg‘un qo‘llash, tabiiy muvozanatni saqlagan holda yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, paxtachilik bo‘yicha olimlar tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalarni amaliyotga keng joriy etish, xorijiy agrotexnologiyalarni dala sharoitida samarali qo‘llash hamda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Yig‘ilish yakunida vazir tomonidan har bir Paxtachilik kengashi a’zosi hamda AKIS mas’ullariga hududlarda olib borilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish, fermerlar bilan manzilli ishlash, ekin maydonlaridagi holatni doimiy nazoratga olish va agrotexnik tadbirlarni ilmiy tavsiyalar asosida amalga oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, chigitlarni plyonka ostida yetishtirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, maxsus xo‘rak maydonlarini to‘g‘ri tashkil etish, xorijiy agrotexnologiyalarni keng joriy etishda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish hamda barcha hududlarda paxta parvarishini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram