Paxtachi tumanida agrotexnik tadbirlar samaradorligi baholandi

Hududlarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligini ta’minlash, mavsumiy agrotexnik tadbirlar ijrosini joylarda o‘rganish maqsadida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimizning qator viloyatlariga tashrif buyurayotganidan xabaringiz bor.
Bugun erta tongdan vazir boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatining Paxtachi tumaniga yetib keldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ishchi guruh tumandagi «Paxtachi elita urug‘chilik» MChJning paxta maydonlarini ko‘zdan kechirdi. Urug‘chilikka ixtisoslashgan xo‘jalikda paxta yetishtirish agrotexnologiyalari, ekinlarning holati va amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar atroflicha o‘rganildi.
Ko‘rik davomida vazir paxta maydonlarining holatiga yuqori baho berib, hosildorlikni yanada oshirish maqsadida g‘o‘zalarga kechiktirmasdan etefon bilan ishlov berish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi. Shuningdek, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Dala boshidagi suhbat chog‘ida jamiyat rahbari hosilni sifatli parvarishlash va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishda dron xizmatlariga ehtiyoj ortib borayotganini ma’lum qildi. Mazkur masala yuzasidan vazir tashabbusi bilan mas’ul tashkilotlar bilan tezkor muloqot o‘tkazilib, xo‘jalikni dron xizmati bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, Paxtachi tumanidagi ilg‘or fermerlar ehtiyojidan kelib chiqib, hududga qo‘shimcha dronlar yetkazib berish vazifasi mas’ullarga yuklatildi.
Tashrif yakunida paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlar belgilangan talablar asosida olib borilayotgani, g‘o‘zalarning o‘sish holati yaxshi ekani qayd etildi. Shuningdek, yuqori va sifatli hosil olish maqsadida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram