O‘zbekistonlik mutaxassislar Koreyada “Aqlli issiqxona” texnologiyalari bo‘yicha treninglarda ishtirok etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi PQ–321-son qaroriga muvofiq, Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi, KOAMI, KIAT, CAMTIC ilg‘or mexatronika texnologiyalari instituti hamda “Agro Solution Korea” kompaniyasi hamkorligida “Aqlli qishloq xo‘jaligi” sanoat texnologiyalari innovatsion markazi loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida ikki qavatli laboratoriya va ma’muriy bino, ishlab chiqarish majmuasi, tajriba xo‘jaligi — “Aqlli issiqxona” hamda yordamchi inshootlar barpo etildi.
Shuningdek, har biri 0,20 gektardan iborat zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari tashkil etilmoqda. 2024 yilda Toshkent va Samarqand viloyatlarida, 2025 yilda esa Xorazm, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida qurilish ishlari yakunlandi.
Ayni paytda loyiha doirasida mahalliy mutaxassislar Koreya Respublikasida malaka oshirish treninglarida ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar “Aqlli issiqxonalar”da qo‘llaniladigan raqamli texnologiyalar (IT) va Smart Farm tizimlaridan samarali foydalanish yo‘nalishlarini qamrab olgan.
O‘quv jarayonlarida ishtirokchilarga maxsus elektron qurilmalar, videokuzatuv tizimlari, tuproq tarkibi, namlik va haroratni aniqlovchi sensorlardan foydalanish, ularni issiqxona quvvatiga mos ravishda joylashtirish hamda hisob-kitob qilish tartiblari o‘rgatilmoqda.
Shu bilan birga, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, monitoring olib borish hamda “Aqlli issiqxona”larni boshqarishda qo‘llaniladigan dasturlash tillari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mazkur treninglar yurtimizda “Smart Farm” texnologiyalarini keng joriy etish, innovatsion markaz faoliyatini samarali tashkil qilish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube