O‘zbekiston–Krasnoyarsk o'lkasi olimlari o'rtasida agrar sohada ilmiy aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shodmon Namazov va Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk o‘lkasi qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Voropayev boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek uchrashuvda, “Razvitiya Yeniseyskoy Sibiri" korporatsiyasi bosh direktori Natalya Abramova ham ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Sh.Namazov delegatsiya vakillariga Milliy markaz faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Krasnoyarsk o‘lkasi o‘rtasida agrar ilm-fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, sholi, don, kartoshka va dukkakli ekinlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ikki hudud iqlimiga mos keluvchi texnologiyalarni joriy etish, agrar ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishida qo‘shma ilmiy dasturlar tashkil etish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, ikki tomon o‘rtasida ilmiy axborot almashinuvi va o‘zaro ekspertlar almashinuvi masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va “Razvitiya Yeniseyskoy Sibiri" korporatsiyasi o‘rtasida agrar ilm-fan sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Tomonlar memorandumda belgilangan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
Mazkur uchrashuv har ikki tomon uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, kelgusida agrar ilm-fan sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube