Oʻzbekiston–Koreya: agrar soha ilmidagi hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Bugun Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbariyati bilan Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi KOPIA markazi direktori, doktor Kim Jae Hyun oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda bu yana bir bor taʼkidlandi. Suhbat davomida tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, qishloq xoʻjaligida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida doktor Kim Jae Hyun Koreya Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish maʼmuriyati (RDA) Texnologik hamkorlik boshqarmasi direktori, doktor Hwang-Yong Kim nomidan yoʻllangan rasmiy tabriknomani akademik Shodmon Namozovga tantanali ravishda topshirdi.
Ushbu tabriknomada akademik Shodmon Namozovning Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori lavozimiga tayinlangani munosabati bilan samimiy va iliq tilaklar izhor etilgan. Shu bilan birga, RDA va Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi oʻrtasidagi doʻstona va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga ishonch bildirilgan, shuningdek, koʻrsatilayotgan doimiy qoʻllab-quvvatlov uchun minnatdorchilik izhor qilingan.
Oʻz navbatida, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori, akademik Shodmon Namozov ham oʻz minnatdorchiligini bildirar ekan, agrar soha ilmiy rivojida Koreya Respublikasi bilan amalga oshirilayotgan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, ikki davlat oʻrtasidagi amaliy hamkorlik qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalar va bilimlarni joriy etish orqali fermerlar va mutaxassislarning salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube