O‘zbekiston–Eron biznes-forumi: qishloq xo‘jaligida hamkorlik mustahkamlanmoqda

Ayni paytda poytaxtimizdagi “Azimut” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi Elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston–Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Eron Islom Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri G‘ulomrizo Nuri boshchiligidagi rasmiy delegatsiya, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillari hamda 100 nafardan ortiq yirik tadbirkor va ishbilarmonlar ishtirok etmoqda.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov nutq so‘zlab, agrar sohani rivojlantirishda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, ularni mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va amaliyotga joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Eronning qishloq xo‘jaligi sohasida to‘plagan tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va amaliy yechimlaridan foydalanish ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
“Bugungi biznes-forum ikki davlat ishbilarmon doiralari uchun tajriba almashish, yangi loyihalarni muhokama qilish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon”, — deya ta’kidladi Ibrohim Abdurahmonov.
Forumda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari ham muhokama qilinmoqda.
Jumladan, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksportini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini takomillashtirish, urug‘chilik va chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram