O‘zbekiston va Afg‘oniston agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni muhokama qildi

Toshkentda Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan Global texnik forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha vakili, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha bosh muzokarachisi, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Atoulloh Omariy bilan uchrashdi.
ℹMuloqotda ikki mamlakat o‘rtasida tashqi savdo va agrar sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini ko‘paytirish, investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash hamda sohada ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlash sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ikki mamlakatning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.
Agrar mahsulotlar eksporti va importini kengaytirish, chorvachilik tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tajriba almashish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar aloqalarning kengayishi ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va mintaqada barqaror agrar hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram