O‘zbekiston-Tojikiston: istiqbolli hamkorlik sari yana bir qadam

Joriy yilning 30-iyul kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyatida bo‘ldi.
Tashrif dasturiga muvofiq Sug‘d viloyati raisi Radjabboy Axmadzoda hamda Qishloq xo‘jaligi vaziri Hakimzoda Qurbon bilan bug‘doy, g‘alla, sholichilik, ipakchilik, bog‘dorchilikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Muzokaralar davomida, Tojikiston Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasiga qarashli hamda unga yondosh hududdagi 113 gektar maydonni shartnoma asosida ajratish, shuningdek, yer ajratish, tayyorlash, ekish va parvarishlash bo‘yicha tomonlarning majburiyatlari belgilab olindi.
⏩Shuningdek, Tojikistonga sifatli bug‘doy urug‘i yetkazib berish hamda ajratilgan maydonlarga zamonaviy sug‘orish va parvarishlash texnologiyalarini joriy qilish orqali yetishtirish, Sug‘d viloyatida Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining tajriba stansiyasini tashkil qilish uchun Tojikiston Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasiga qarashli 10 gektar yer maydoni ajratilishiga kelishildi.
Kelishuvlar davomida, 1 000 gektar maydonga O‘zbekiston tajribasi asosida sholi yetishtirish, Tojikiston hududida 25 gektar samarasiz bog‘larni beg‘araz intensiv bog‘larga aylantirish, Xatlon viloyatidagi 14 ming gektar maydonni foydalanishga topshirib sholi yetishtirish uchun bosqichma-bosqich o‘zlashtirishga kelishildi. 1 noyabrga qadar Tojikistonga o‘zbek tomonidan 17 dona zamonaviy to‘quv uskunasi, 1 to‘plam ipak o‘rash liniyasi hamda 500 ming dona intensiv tut ko‘chatlarini yetkazib berish, Ipakchilik yo‘nalishida, qo‘shma pillachilik kompleksini “Xo‘jand atlas” korxonasi negizida tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Muloqot so‘nggida, 1-oktabrga qadar Sug‘dda tashkil qilingan AKIS binosini ta’mirlash, kompyuter va mebellar bilan jihozlash hamda o‘zbek urug‘lari va ko‘chatlarni sotishga mo‘ljallangan maxsus do‘kon tashkil etish barobarida mineral o‘g‘itlar eksportini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram