Oʻzbekiston-Germaniya ekspertlar muloqoti dasturi hamkorligi muhokama qilindi

Bugun Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Iqlim oʻzgaruvchanligiga chidamli yem-xashak ekinlarini sinovdan oʻtkazish va tanlash, hamda urugʻchiligini takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston-Germaniya ekspertlar muloqoti dasturi hamkorligida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Seminarni Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shodmon Namozov kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz nutqida bugungi globallashuv sharoitida iqlim oʻzgarishlari va suv resurslarining tanqisligi kabi muammolar qishloq xoʻjaligi oldida turgan dolzarb vazifalardan ekanligini taʼkidladi.
"Institutda amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik, ayniqsa Germaniya tajribasini joriy etish, innovatsion gʻoyalar va ilmiy yutuqlarni amaliyotga tezkor tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yangi texnologiyalar orqali yurtimizning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, tuproq unumdorligini ta'minlash va agrar soha samaradorligini oshirishga xizmat qiladi," – dedi Shodmon Namozov.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston-Germaniya dasturi ishtirokchisi Choʻlponoy Qashqaboyeva soʻzga chiqib Oʻzbekiston tuproq-iqlim sharoitida oʻtkazilgan sinov natijalari, shuningdek, siderat ekinining ahamiyati va uni yetishtirish boʻyicha erishilgan dastlabki tajribalar haqida batafsil maʼlumot berdi.
U o'z chiqishida "Oʻtkazilgan tajribalarimiz shuni koʻrsatdiki, siderat ekinlari tuproq unumdorligini tabiiy yoʻl bilan oshirish, uning strukturasini yaxshilash va ekinlarni organik moddalar bilan boyitishda gʻoyat katta rol oʻynaydi. Bu oʻz navbatida mineral oʻgʻitlarga boʻlgan talabni kamaytirib, dehqonlarning xarajatlarini qisqartirishga yordam beradi" deya ta'kidladi.
Dastur rahbari Anton Van Engelen tadbir ishtirokchilariga loyihaning xalqaro standartlarga muvofiqligi va Oʻzbekistondagi tadqiqotlarning istiqboli haqida oʻz fikirlarini bayon etdi. -"Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini "yashil" va iqlimga chidamli texnologiyalar asosida rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Germaniya tajribasi va innovatsion yondashuvlarni oʻzlashtirish orqali, ayniqsa yem-xashak ekinlarini tanlash va urugʻchilikni takomillashtirish sohasida qisqa muddatda sezilarli iqtisodiy va ekologik samaraga erishish mumkin. Biz bu borada oʻzbekistonlik hamkorlarimizga har tomonlama yordam berishga tayyormiz,"- dedi o'z nutqida.
Tadbirning eng muhim va amaliy qismi institutning tajriba dalalarida davom etdi. Ishtirokchilar dalada ekilgan siderat ekinining oʻsib rivojlanishi, uni parvarishlash usullari va tuproqqa taʼsiri bilan bevosita tanishdilar. Bu yerda mutaxassislar tajriba uchastkalarini koʻzdan kechirib, siderat ekinining ekologik va agrotexnik afzalliklari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
Web | Telegram | Facebook | Instagram