O‘zbekiston delegatsiyasi II Rossiya – O‘zbekiston mintaqalar kengashida ishtirok etdi

2025-yil 21–22-oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida II Rossiya – O‘zbekiston mintaqalar kengashi hamda Rossiya – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Rossiya ishbilarmonlar kengashlarining plenar majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. Kengash doirasida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy va innovatsion hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuhurov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining izchil ortib borayotgani, shuningdek, donchilik, bog‘dorchilik va logistika sohalarida hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, kengashda ikki davlat qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy salohiyatni birlashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomonidan ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari Rossiyaning yetakchi ilmiy va tijorat tashkilotlari bilan quruq iqlimli hududlarda innovatsion agrotexnologiyalar ishlab chiqish, biotexnologiya va agroinjiniring yo‘nalishlarida hamkorlik qilish yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Muloqotlar yakunida ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, sho‘rlangan yerlar unumdorligini tiklash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, urug‘chilikda molekulyar genetika va biotexnologiya usullarini kengaytirish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishildi.
II Rossiya – O‘zbekiston mintaqalar kengashi ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, do‘stlik va strategik sheriklikning mustahkamligini yana bir bor tasdiqladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasining faol ishtiroki O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ilmiy-innovatsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram