O‘ZBEK TILI BAYRAMI KUNI MILLIY MARKAZDA MUNOSIB NISHONLANDI

Millatning mavjudligi uning tili bilan belgilanishi shubhasiz. Til – millat ko‘zgusi deyishimizning sababi ham shunda. Boisi, dunyoda qanchadan-qancha o‘z tiliga ega bo‘lmagan, ta’bir joiz bo‘lsa o‘zga tilda so‘zlashga mahkum bo‘lgan xalqlar bor.
YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda qariyb 7 mingga yaqin til mavjud, lekin ulardan faqat 200ga yaqinigina davlat tili maqomiga ega. Shular qatorida bugungi kunda jahon miqyosida 50 milliondan ortiq kishi so‘zlashib, ko‘plab mamlakatlarda katta ishtiyoq bilan o‘rganilayotgan go‘zal va jozibali til - o‘zbek tilining ham borligi qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi. Butun dunyoda globalizatsiya sabab ayrim davlatlarda ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yo‘qolayotganligini guvohi bo‘lmoqdamiz. Bugungi kunda dunyo mamlakatlarining 75 foizida milliy tilni himoya qilish maqsadida tilga oid davlat siyosati mavjud. Aksariyat davlatlarda muayyan xalq tilini davlat tili deb e’tirof etilishi davlat tilining davlat boshqaruvida, sud ish yurituvida hamda ish yuritishda majburiy tartibda yuritilishini anglatadi.
Shukrki, mamlakatimizda ona tilimizni asrab-avvaylash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. O‘zbekistonda 1989-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonunda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 10-apreldagi O‘RQ-615-son Qonuniga asosan esa 21-oktabr mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Dunyoning azaliy va boy tillaridan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun davlat mustaqilligining ramzi, ulkan ma’naviy qadriyat va milliy o‘zligimiz belgisiga aylangan.
Bugun Milliy markazda “21-OKTABR – O‘ZBEK TILI BAYRAMI KUNI” munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida ham ona tilimizning nufuzini oshirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. So‘zga chiqqanlar bugungi tobora globallashib borayotgan davrda chetdan kirib kelayotgan so‘zlarni tilimizga qorishtirmaslik, zarurat bo‘lsa o‘zbekcha muqobilini ishlatish, tilimizni asrashni o‘zimizdan, oilamizdan boshlash lozimligi haqida fikr bildirdilar.
Davra suhbatining so‘nggida Milliy markaz xodimlarining davlat tilida ish yuritish borasidagi savodxonligini oshirish maqsadida diktant yozildi. Diktant uchun tanlangan zardushtiylik dinining muqaddas kitobi – Avesto mavzusi ham davra suhbati ishtirokchilariga ma’qul bo‘ldi. Diktant yozish jarayonida yurtimizning boy tarixi va ma’naviyati haqida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube