Oqdaryodagi paxta dalalarida jiddiy kamchiliklar aniqlandi

Samarqand viloyatiga ishchi tashrifim davomida Oqdaryo tumanidagi "Kumushkent" MMTP tarkibidagi "Beshterak lochin" fermer xo‘jaligi hamda "Zarafshon" MMTP tarkibidagi "Akbar Qurbonov" fermer xo‘jaligining paxta maydonlarini joyiga chiqib ko‘zdan kechirdim.
O‘rganishlar davomida dalalarda bir qator jiddiy kamchiliklarni aniqladim. Xususan, maydonlarda begona o‘tlar keng tarqalganini, agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda va ilmiy tavsiyalar asosida olib borilmaganini, natijada ekinlarda o‘rgimchak kana zararkunandasi keng yoyilganini kuzatdim. Bu holat hosildorlikka jiddiy xavf tug‘dirayotganini alohida qayd etdim.
Bunday mas'uliyatsizlik va loqaydlik hosildorlikni oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish uchun barcha sharoitlar yaratilayotgan bir paytda, dalalarda eng oddiy agrotexnik talablarga rioya etilmasligi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat.
Shuningdek, paxta maydonlarini o‘z vaqtida parvarish qilmaslik, zararkunandalarga qarshi kurash choralarini kechiktirish va nazoratning sustligi nafaqat bitta xo‘jalik, balki butun hududdagi hosil taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishini alohida qayd etdim.
Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan mas'ullar hamda nazoratga mas’ul shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik asosida qat’iy choralar ko‘rilishini belgiladim. Ayrim holatlarda shu joyning o‘zida intizomiy choralar ham qo‘lladim.
Albatta, qishloq xo‘jaligida natija faqat urug‘ ekish bilan emas, balki har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va ilmiy asosda bajarish orqali erishiladi. Har bir kechikish va e’tiborsizlik oxir-oqibat hosilning kamayishi va iqtisodiy zararga olib keladi.
Shu bois barcha hududlarda paxta parvarishi, zararkunandalarga qarshi kurash hamda agrotexnik tadbirlar ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, mas’ullardan esa shaxsiy javobgarlikni oshirish zarurligini yana bir bor ta’kidladim.