Olimlar tavsiyasiga amal qilish natijasi hosilda aks etadi

“Dolzarb 30 kun” tashabbusi doirasida respublikamizning barcha hududlarida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan amaliy dala seminarlari izchil davom etmoqda. Navbatdagi amaliy seminar Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi "Egam ota sulolasi" fermer xo'jaligida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, professor Ikromjon Qoraboyev, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, professor Feruza Hasanova, viloyat agroxizmatlar markazi mutaxassislari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Seminar davomida g‘o‘zaning iyul–avgust oylaridagi rivojlanish bosqichida kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, g‘o‘zaning gullash va ko‘saklash davrida bor, temir, rux, marganets kabi mikroelementlar bilan bargdan oziqlantirish, sug‘orish va oziqlantirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash choralarini o‘z vaqtida amalga oshirishning ahamiyati batafsil tushuntirildi. Shuningdek, g‘o‘zaning ortiqcha vegetativ o‘sishini cheklash maqsadida mexanik chekanka o‘tkazish, rivojlanish holatiga qarab o‘sishni boshqaruvchi preparatlarni qo‘llash, ko‘saklarning pishib yetilishini jadallashtirish hamda defoliatsiya ishlarini belgilangan muddatlarda o‘tkazish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida fermerlarning savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi. Shuningdek, g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, ilmiy tavsiyalarga qat’iy amal qilish yuqori va sifatli hosil yetishtirishning eng muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube