Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

NAVOIYDAGI ILMIY-TAJRIBA STANSIYALARI TUBDAN YANGILANADI

NAVOIYDAGI ILMIY-TAJRIBA STANSIYALARI TUBDAN YANGILANADI
Bu haqida bugun Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qildi. Boisi Milliy markaz tizimidagi 4 ta ilmiy muassasaning viloyatdagi ilmiy-tajriba stansiyalaridagi mavjud holat qoniqarsiz ahvolda. Hamma narsa o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, bir so‘z bilan aytganda, xo‘jasizlik holati hukmron. Shu boisdan kengaytirilgan yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tdi. Ilmiy-tajriba stansiyalariga kirib borar ekansiz, ta’bir joiz bo‘lsa ilmning hidini tuyishning o‘rniga dimog‘ingizga nurab borayotgan pastqam binolarning yoqimsiz zax hidi uriladi. Natijada ilmiy kashfiyotlar, agrar sohaga yangi resurstejamkor navlar yetkazib berish to‘g‘risidagi rejalaring chippakka chiqadi. Stansiyalarni bu holatga begona emas, shu dargohda tirikchilik qilib yurganlar tushirgan. Ahvol shunday ekan, bu stansiyalardan qanday qilib, natija kutish mumkin, – dedi Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov. Kengaytirilgan yig‘ilishda Navoiy viloyatida ilmiy-tajriba stansiyasiga ega bo‘lgan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Don-dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlar va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va akademik Mahmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti direktorlari stansiyalarda yuzaga kelgan holatga sabab bo‘lgan omillar to‘g‘risida o‘z munosabatlarini bildirdilar. Tashkilotning hisob raqamida mablag‘ aylanmayaptimi, yilni foyda bilan yakunlamayaptimi, demak bu tashkilotda hech qanday ilmiy-tadqiqot amalga oshirilmayapti. Bu tashkilot rahbarlari tirikchiligini byudjetdan ajratilayotgan mablag‘ga ko‘z tikib o‘tkazyapti degani. Insof bilan ishlayotgan rahbarning tashkiloti yilni hech bo‘lmaganda 2-3 milliard so‘m foyda bilan yakunlaydi. Sen menga tegmasang bo‘ldi qabilida ishlayotgan ilmiy-tajriba stansiyalari rahbarlarining o‘z vazifasiga loyiqlik masalasini ham ko‘rib chiqish zarur, – dedi Milliy markaz direktori o‘rinbosari Bunyod Mamarahimov. Kengaytirilgan yig‘ilishda ilmiy-tajriba stansiyalari rahbarlarining fikrlari ham tinglandi. Mavjud holat muhokama qilinib, Navoiy viloyatidagi ilmiy-tajriba stansiyalarini tubdan yangilash, namunaviy modelga aylantirishga kelishib olindi. Buni amalga oshirish uchun mas’ullarga tezkor ravishda reja ishlab chiqish topshirildi. – Biz mablag‘ masalasini hal qilamiz, bino-inshootlarni ta’mirlashning chorasini topamiz, lekin faqat binolar ko‘rkam holatga keladi. Biroq uning ichidagi mazmun, ilmning holati qanday bo‘ladi? Ilmiy-tajriba stansiyalaridagi ilmiy jarayon navoiylik dehqonlarga yangilik bera oladimi? Ana shunisi eng muhimidir. Buning uchun ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan rahbar kadrlar masalasini ham hal qilamiz, – dedi yig‘ilish so‘nggida Milliy markaz direktori Shuhrat Otajonov. Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling! WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.