Natija, mas’uliyat va intizom – Hay’at yig‘ilishining bosh mezoni

Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda yilning ikkinchi yarmida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi video-konferens-aloqa shaklida bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Hay’at a’zolari, vazir o‘rinbosarlari, departament va boshqarma boshliqlari, tizim tashkilotlari rahbarlari, viloyat va tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda soha olimlari ishtirok etdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish kun tartibidan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i uchun dolzarb bo‘lgan 9 ta muhim masala o‘rin oldi.
Xususan, 2026-yilning birinchi yarim yillik yakunlari va ikkinchi yarim yillik ish rejalari, g‘o‘za parvarishi, 2027-yil hosili uchun urug‘lik don tayyorlash, subsidiya tizimi, ijro intizomi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, urug‘chilik tizimini takomillashtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida vazir Ibrohim Abdurahmonov mavjud imkoniyat va ichki salohiyatdan to‘liq foydalanish, har bir yo‘nalishda natijadorlikni oshirish, muammolarni chuqur tahlil qilish hamda ularning amaliy yechimlarini ishlab chiqish bugungi kunning eng muhim vazifasi ekanini alohida ta’kidladi. Har bir rahbar faoliyati, avvalo, erishilgan natija va amaliy samaradorlik bilan baholanishi qayd etildi.
Shuningdek, vazir vazirlik tizimida faqat vertikal boshqaruv tamoyillari bilan cheklanib qolmasdan, departament va boshqarmalar, hududiy tuzilmalar hamda tizim tashkilotlari o‘rtasida gorizontal hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Muammolarni birgalikda hal etish, mas’uliyatni bo‘lishish va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv mexanizmlarini joriy etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, subsidiya mablag‘larining manzilli va shaffof ajratilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash sifatini oshirish hamda ijro intizomini mustahkamlash masalalari ham alohida muhokama qilindi. Bu borada har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi yanada kuchaytirilishi qayd etildi.
Xususan, urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng joriy etish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda barcha bo‘g‘inlarda ijro intizomini kuchaytirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha barcha yo‘nalishlar kesimida aniq vazifalar, ijro muddatlari va mas’ullar belgilandi. Mutasaddilarga ikkinchi yarim yillikda belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda ish samaradorligini tubdan oshirish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosarlari, departament va boshqarma boshliqlari, tizim tashkilotlari rahbarlari hamda hududlar kesimidagi mas’ullar faoliyati tanqidiy baholanib, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va sustkashliklar yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan topshiriqlar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarmagan mas’ul shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralarini qo‘llash masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, bundan buyon har bir rahbar faoliyatiga beriladigan asosiy baho — natija, mas’uliyat va ijro intizomi bo‘ladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram