NAMANGANDA INNOVATSION USULDA SHOLI YETISHTIRISH YO‘LGA QO‘YILDI

Qishloq xo‘jaligi vazirining “Qishloq xo‘jaligida innovatsion 100 tashabbus” loyihasi doirasida sholi yetishtirish hajmini oshirish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda suv havzalaridan samarali foydalanish orqali mahsulot ishlab chiqaruvchilarning daromadini ko‘paytirish maqsadida yangi innovatsion tajribalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shu maqsadda Namangan viloyati Mingbuloq tumani “Gigant” MMTP hududida joylashgan Bosaraliyev Muqimjon baliqchilik xo‘jaligining 1 gektarlik baliq ko‘lida xorijiy tajribalar asosida suzuvchi platformalarda sholi yetishtirish bo‘yicha innovatsion loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur texnologiya ko‘l yuzasida suzib yuruvchi maxsus platformalar yordamida sholi yetishtirish imkonini beradi. Bunda havo qatlamiga ega bo‘lgan ko‘pikli materiallar va plastik tuvaklardan foydalaniladi. Tuvaklar kompost hamda gumus bilan to‘ldirilib, ularning yarmidan ko‘prog‘i suvga botirilgan holda joylashtiriladi. Har bir tuvakka 10–15 kunlik sholi ko‘chatlari 1 santimetr chuqurlikda 1–3 tupdan ekiladi.
Vegetatsiya davrida sholi ko‘chatlari 8–10 marotaba makro va mikroelementlarga boy o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi. Ushbu usulda begona o‘tlar deyarli uchramagani sababli gerbitsidlardan foydalanishga ehtiyoj kamayadi. Natijada ekologik toza mahsulot yetishtirish va suv resurslaridan yanada samarali foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu innovatsion tajriba baliqchilik va sholichilikni uyg‘unlashtirish, mavjud suv havzalaridan qo‘shimcha daromad manbai sifatida foydalanish hamda yer maydonlari cheklangan hududlarda sholi yetishtirish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur loyiha kelgusida viloyatning boshqa hududlarida ham keng joriy etilishi rejalashtirilgan.
Respublika agroxizmatlari markazining rasmiy sahifalarini kuzatib boring!
WEB |Telegram Instagram
Facebook | Youtube