Ma’rifat soatida o‘zbek tili imlosidagi muhim o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida navbatdagi ma’rifat soati tashkil etildi.
Unda davlat tilidan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, yozma nutqda imlo qoidalariga rioya etish hamda o‘zbek tilining zamonaviy rivojlanish jarayonlari bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’rifat soati davomida o‘zbek tili imlosiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar mavzusida Toshkent davlat agrar universitetining O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri professor Sayyora Xolmirzayeva taqdimot qilib, imlo qoidalaridagi yangiliklarning mazmun-mohiyati, ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash tartibi hamda yozma savodxonlikni ta’minlashdagi ahamiyati haqida atroflicha tushunchalar berdi.
Shuningdek, kundalik ish yuritish jarayonida, rasmiy hujjatlar, xizmat yozishmalari, axborot va targ‘ibot materiallarini tayyorlashda adabiy til me’yorlariga amal qilish, so‘z va qo‘shimchalarni to‘g‘ri yozish, tinish belgilaridan o‘rinli foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, imlo qoidalaridagi o‘zgarishlarni amaliy misollar asosida tushuntirishga alohida urg‘u berildi.
Ta’kidlanganidek, davlat tilining nufuzini yanada oshirish, uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish va xodimlarning yozma hamda og‘zaki nutq madaniyatini yuksaltirish — har bir tashkilot va jamoa oldidagi muhim vazifalardan biridir.
Ma’rifat soati yakunida olingan bilimlarni kundalik faoliyatda qo‘llash, hujjatlar va axborot materiallarini tayyorlashda o‘zbek tilining imlo me’yorlariga qat’iy rioya qilish muhimligi yana bir bor qayd etildi.
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube