Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 45-50 foizdan 28 foizga pasaytirishga erishildi. Lekin bu hali dastlabki qadamlar ekani ta’kidlandi.

Bu boradagi ishlarni kuchaytirish uchun 2026-yilda barcha davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil va ko‘chmas mulk savdolari naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkaziladi.
Soliq, bojxona, sanepidemnazorat, standart, karantin, qurilish nazorati inspeksiyasi, yong‘in xavfsizligi kabi 17 turdagi tekshiruvlarda yonkameradan foydalanish majburiy bo‘ladi.
“Soya”dagi iqtisodiyotdan ixtiyoriy ravishda shaffoflikka chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika, soliq hisobotlarini yuritish bo‘yicha bepul o‘qitiladi.
“Ayrim yurtdoshlarimizda topgan daromadini iqtisodiyotga yo‘naltirish, bank depozitiga joylashtirish, aktivlarini o‘z nomiga rasmiylashtirish bilan bog‘liq xavotirlar bor.
Shu bois, deputatlarimiz va Markaziy bank xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda, fuqarolarimiz yurtimizda yoki chet elda shu paytgacha olgan daromad va aktivlaridan emin-erkin foydalanishiga sharoit yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlasa, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi”,
– dedi Prezidentimiz.
Facebook|Instagram|X