Jarayon

MEHNAT BOZORIGA MALAKALI KADRLAR TAYYORLASH DOLZARB MASALA
So‘nggi yillarda yoshlarga sifatli ta’lim berish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash ustuvor masalalardan biriga aylandi.
Aytish mumkinki, kasb-hunar ta’limi sohasiga ham zamonaviy tamoyillar olib kirildi. Xalqaro andozalarga mos professional ta’lim tizimi joriy etildi. Chunki mehnat bozori, integratsion jarayonlarning jadallashuvi, sanoatdagi texnologik yangilanishlar davri ham aynan shuni talab qilyapti. Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikadagi mavjud 26 ta professional ta’lim muassasalariga vazirlik tasarrufidagi 10 ta oliy o‘quv yurti va 21 ta ilmiy-tadqiqot institutlari biriktirilib, vazirlik rahbariyati hamda boshqarma boshliqlari ularga mas’ul etib belgilandi.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari texnikumlar va akademik litseylarni faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish asosiy vazifa etib belgilandi.
Milliy markaz tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga Romitan agrotexnologiyalar texnikumi biriktirilgan. Ilmiy-tadqiqot instituti direktori akademik Shodmon Namozov ushbu texnikumda bo‘lib, o‘quv dargohidagi mavjud ahvol va yangi o‘quv yiliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bilan yaqindan tanishdi. Muassasada amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi, malakali kadrlar, xususan, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro ilmiy-tajriba stansiyasi olimlari va texnikum talabalari o‘rtasida “Ustoz-shogird” an’anasini yo‘lga qo‘yish uchrashuvning bosh maqsadiga aylandi.
⌛ Uchrashuv chog‘ida muammolar va ularning yechimlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube