Janubiy Koreyaning organik qishloq xo‘jaligi tajribasi o‘rganildi

Bugungi kunda xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, ekologik yondashuvlarni keng joriy etish hamda tuproq unumdorligini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Janubiy Koreyaning organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tajribasi muhim ahamiyatga ega.
Koreyada organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda mahsulotlarni sertifikatlash, fermerlarni o‘qitish va moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan. Tuproq unumdorligini saqlashda organik o‘g‘itlar, biologik himoya vositalari va almashlab ekishga, zamonaviy "Smart Farming" texnologiyalaridan foydalanishga katta e’tibor beriladi. Fermerlar kooperatsiyasi esa mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, sertifikatlash va bozorga chiqarishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tajribani o‘rganish va mamlakatimizda organik mahsulot yetishtirish sohasini ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi va amaliy ko‘magida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida Janubiy Koreya delegatsiyasi ishtirokida davra suhbati-seminar tashkil etildi.
Tadbirda institut olimlari, Janubiy Koreyaning KOPIA va RDA vakillari, jumladan, Seoyoung Choi, You-Chum Song, Jang Jeongryeol, Hong Sunock hamda Jang Chullee ishtirok etdilar.
Seminarda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari va ilmiy tadqiqotlar natijalari muhokama qilindi. Xususan, National Institute of Agricultural Sciences RDA vakili Hong Sunockning "The Status of Organic Farming in South Korea" mavzusidagi taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube