Iqlim o‘zgarishiga qarshi sholichilikda yangi ilmiy yechimlar

Global iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Suv tanqisligi, yuqori harorat, qurg‘oqchilik va o‘zgaruvchan ob-havo sharoitida sholi va dukkakli ekinlarni barqaror yetishtirish uchun endi faqat tajribaning o‘zi kifoya emas — ilm, innovatsiya va xalqaro hamkorlikni bir nuqtada birlashtirish talab etilmoqda.
Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ana shu dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.
Konferensiyani kirish so‘zi bilan ochar ekan, Markaz rahbari Jamoliddin Boboxonov ilm-fan natijasining haqiqiy qiymati uning amaliyotdagi samarasi bilan belgilanishini ta’kidladi. Yangi ishlanma yaratish bilan ish bitmasligi, uni ishlab chiqarishga olib kirish, fermer va tadbirkorga yetkazish hamda iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Uning nutqida suv va boshqa resurslarni tejash, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga jadal joriy etish, xorijiy tajribani mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Markaz rahbarining ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Bahodirov esa ilm-fan natijasining manzili fermer ekanini ta’kidladi.
“Zamonaviy texnologiyalar fermerlarga o‘z vaqtida va to‘g‘ri qaror qabul qilish imkonini berishi kerak”, — dedi u.
Buning uchun ilmiy ishlanmalarni fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazish, ularning amaliy va iqtisodiy samaradorligini aniq baholash, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Anjumanda Koreyaning O‘zbekistondagi KOPIA markazi direktori Kim Jaehyun ham global iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, yuqori harorat, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, yog‘ingarchilik tartibining o‘zgarishi hamda kasallik va zararkunandalarning ko‘payishi qishloq xo‘jaligi uchun yangi ilmiy yechimlarni talab etmoqda.
Sholi dunyo aholisining oziq-ovqat xavfsizligida muhim o‘rin tutishi, dukkakli ekinlar esa oziq-ovqat va ozuqa xavfsizligi bilan bir qatorda barqaror qishloq xo‘jaligi uchun ham muhim ekani ta’kidlandi.
Kim Jaehyun O‘zbekiston bilan ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirib:
-Biz do‘st O‘zbekiston davlati bilan izchil hamkorlik qilishga doimo tayyormiz. Ushbu konferensiya ham sholichilik ilmida tajribalarimizni bo‘lishish uchun qulay platforma bo‘ladi, — dedi.
Xalqaro anjuman shu jihati bilan ahamiyatliki, unda ilm-fan natijalarini faqat muhokama qilish emas, balki ularni dalaga olib chiqish, fermer uchun amaliy yechimga aylantirish va iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube