Iordaniyada yer va suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha xalqaro seminar

Shu kunlarda Iordaniya Hoshimiylar Qirolligida Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) tomonidan “Ekotizim xizmatlarini baholash, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va yerlarni qayta tiklash monitoringi” mavzusida mintaqaviy salohiyatni oshirish seminari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur seminar BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish va yerlarni tiklash bo‘yicha ta’sir dasturi” doirasida tashkil etilgan.
Seminarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, biologiya fanlari doktori O'lmasboy Sobitov va Markaz tizimidagi ilmiy muassasalarda faoliyat olib borayotgan bir guruh olimlar ham ishtirok etmoqda. O‘quv dasturi davomida ishtirokchilar ekotizim xizmatlarini baholash, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va ulardan samarali foydalanish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, tabiiy resurslar monitoringini tashkil etish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida qurg‘oqchil hududlarda barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ICARDAning ilg‘or tajribalari bilan tanishmoqda.
Mazkur xalqaro seminar davomida olingan bilim va amaliy tajribalar O‘zbekistonda yer va suv resurslarini barqaror boshqarish, yer degradatsiyasining oldini olish hamda iqlim o‘zgarishiga mos innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube