Ilmiy yondashuv — yuqori hosil garovi

“Dolzarb 30 kun” tashabbusi doirasida respublikamiz hududlarida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan amaliy dala seminarlari izchil davom etmoqda. Navbatdagi seminar Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi “Muhammadjon yuksak orzusi” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tdi.
Unda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, professor Ikromjon Qoraboyev, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, professor Feruza Hasanova, viloyat Agroxizmatlar markazi mutaxassislari hamda fermerlar ishtirok etdi.
Seminar davomida g‘o‘zaning iyul–avgust oylaridagi rivojlanish bosqichida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Xususan, gullash va ko‘saklash davrida g‘o‘zani bor, temir, rux va marganets kabi mikroelementlar bilan barg orqali oziqlantirish, sug‘orish va oziqlantirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurash choralarini o‘z vaqtida amalga oshirishning ahamiyati batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, g‘o‘zaning ortiqcha vegetativ o‘sishini cheklash maqsadida mexanik chekanka o‘tkazish, rivojlanish holatidan kelib chiqib o‘sishni boshqaruvchi preparatlarni qo‘llash, ko‘saklarning pishib yetilishini jadallashtirish hamda defoliatsiya tadbirlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida fermerlarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi. Shuningdek, g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda ilmiy tavsiyalarga qat’iy amal qilish yuqori va sifatli hosil yetishtirishning eng muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube