Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Ilmiy-texnik kengashda saralash va tahlil jarayoni kuchaydi

Ilmiy-texnik kengashda saralash va tahlil jarayoni kuchaydi
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Kengash raisi Shodmon Namozov ochib, Kengash yig‘ilishlarida qabul qilinadigan qarorlar mamlakatimiz agrar ilm-fanini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini, bugungi yig‘ilishda ham sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilinishiga alohida e’tibor qaratdi. Yig‘ilishda dastlab dissertatsiya ishlari natijalarining amaliyotga joriy etilganligi masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Kengash a’zosi Ikromjon Qoraboyev axborot berdi. Uning ta’kidlashicha, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga jami 84 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 26 tasi don, sholi va dukkakli ekinlar sohasiga, 48 tasi texnik ekinlar va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash yo‘nalishiga, 10 tasi esa meva-sabzavot va dorivor o‘simliklar sohasiga to‘g‘ri keladi. Qayd etilganidek, ilmiy ishlarga oid hujjatlar va ma’lumotnomalar to‘liq taqdim etilgani, shuningdek, ilmiy natijalar yetarlicha asoslangani bois mazkur ishlar joriy etish ma’lumotnomasini berish uchun Ilmiy-texnik kengash muhokamasiga tavsiya etildi. Masala Kengash a’zolari tomonidan atroflicha muhokama qilinib, ovoz berish yo‘li bilan barcha murojaatlar bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi. Shundan so‘ng ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida e’lon qilish uchun taqdim etilgan mavzular muhokamasi boshlandi. Yig‘ilishning ushbu qismi qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Kengashga taqdim etilgan har bir loyiha a’zolar tomonidan chuqur tahlil qilinib, ularning dolzarbligi, davlat va jamiyat uchun ahamiyati hamda amaliy samaradorligi atroflicha baholandi. Jumladan, bir ilmiy muassasa tomonidan taqdim etilgan to‘rtta loyihadan faqat bittasi moliyalashtirishga munosib deb topildi. Shuningdek, boshqa loyihalar ham saralanib, eng maqbul deb topilganlari keyingi bosqichga tavsiya etildi. Takomillashtirish talab etiladigan loyihalarni qayta ishlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Yig‘ilishda 2026-yil paxta hosili uchun agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish maqsadida glifosat va diuron tarkibli kimyoviy preparatlarni qo‘llash amaliyoti, ularning ta’siri hamda bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur preparatlarni respublika hududiga olib kirish va amaliyotda qo‘llash yuzasidan ilmiy asoslangan xulosa tayyorlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Kengash a’zolari paxta yetishtirishda begona o‘tlarga qarshi glifosat tarkibli preparatlardan, defoliatsiya va disekatsiya jarayonlarida esa “Diuron + tidiazuron” tarkibli vositalardan foydalanish masalasini ham ko‘rib chiqib, bu borada ilmiy xulosa berish yuzasidan takliflar bildirdi. Yig‘ilish yakunida davlat dasturlari doirasida taqdim qilingan ilmiy loyihalarning dolzarbligi, amaliy ahamiyati va iqtisodiy samaradorligi yuzasidan keng muhokamalar o‘tkazilib, eng istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda keyingi bosqichga tavsiya etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring. WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.