Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda “Uzagrostar xolding” bilan hamkorlik

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida agrar soha ilmiy-tadqiqot muassasalari va “Uzagrostar xolding” kompaniyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni Respublika agroxizmatlar markazi direktori Akmal To‘lanov boshqardi.
Unda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy muassasalarda yaratilayotgan navlar, zamonaviy agrotexnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ularni tijoratlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Ilmiy muassasalar vakillari o‘z taqdimotlarida yaratilgan ilmiy ishlanmalar, istiqbolli navlar va zamonaviy texnologiyalarni namoyish etib, ularni ishlab chiqarishga joriy etish va tijoratlashtirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Jumladan, bog‘dorchilik, ko‘chatchilik, sabzavotchilik va polizchilik yo‘nalishlarida yaratilgan istiqbolli navlar, zamonaviy yetishtirish texnologiyalari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ishlanmalar taqdim etildi.
Funduk ko‘chatlarini yetishtirish va ko‘paytirish, limon po‘stloqlaridan qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar tayyorlash, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish, mahalliy pomidor va qovun navlarini ishlab chiqarishga joriy etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda maqsad faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolmasdan, ilm-fan asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar yaratishdan iborat.
Shu nuqtayi nazardan, ilmiy muassasalar va biznes subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish, tayyor ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, tajriba maydonlarini tashkil qilish, mahsulotlarni qayta ishlash va tashqi bozorlarga yo‘naltirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida mahalliy nav va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendini shakllantirib, uni jahon bozorida munosib namoyon etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube