Ilmiy faoliyat bilan tanishuv

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, ijrochi direktor Sh. Teshayev Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, ilmiy muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ilmiy loyihalarning natijasiga alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy xodimlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda Sh. Teshayev tadqiqotlar natijasida qo‘lga kiritilayotgan ijobiy natijalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga tatbiq qilish zarurligini ta’kidladi.
– Aks holda agrar soha ilmida erishilayotgan yutuqlar va innovatsiyalar fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda agroklasterlarga yetib bormaydi. Bundan davlat ham, jamiyat ham naf ko‘rmaydi, – dedi Sh. Teshayev.
Shuningdek, tanishuv davomida institutning Mikro-vinochilik, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash bo‘limi faoliyati ham tahlil qilinib, ilmiy samaradorlikni oshirish yuzasidan zarur maslahat va tavsiyalar berildi.