Ilg‘or texnologiya va intizomli agrotexnika — yuqori hosil garovi

Hududlardagi qishloq xo‘jaligi obyektlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda dala maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar bilan yaqindan tanishish maqsadida kuni kecha ishchi tashrif bilan Buxoro viloyatida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugun erta tongda Navoiy viloyatiga yetib keldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, vazir dastlab Qiziltepa tumanidagi "Vang‘ozi-Agroekspo" fermer xo‘jaligining paxta maydonlarini ko‘zdan kechirdi.
Mazkur xo‘jalikning 45 gektar maydonida xorijiy texnologiyalar asosida ekilgan g‘o‘za tomchilatib sug‘orish tizimi orqali parvarishlanmoqda. Bugungi kunda g‘o‘zaning bo‘yi 95 santimetrga yetgani, agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda va talab darajasida bajarilayotganidan dalolat beradi.
Daladagi muloqot chog‘ida fermer g‘o‘za yetishtirishda belgilangan 8 ta muhim agrotexnik talabning barchasiga to‘liq amal qilinayotganini, har bir ish bosqichma-bosqich va reja asosida tashkil etilganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng Ibrohim Abdurahmonov dalalarda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish har bir gektardan olinadigan hosilning asosiy omili ekanini ta’kidladi.
«Bugun natija berayotgan fermerlar, avvalo, agrotexnika talablariga to‘liq rioya qilayotgan fermerlardir. Ilg‘or texnologiyaning samarasi ham unga mas’uliyat va intizom bilan yondashilgandagina ko‘rinadi. Har bir agrotexnik tadbir o‘z vaqtida bajarilsa, bu yilgi hosil ham kutilgan natijani beradi», — dedi vazir.
ℹTashrif davomida suvdan samarali foydalanish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasining afzalliklari, g‘o‘zaning vegetatsiya jarayoni va agrotexnik tadbirlarning keyingi bosqichlari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, ilg‘or tajribalarni boshqa xo‘jaliklarda ham keng ommalashtirish, har bir fermerning mas’uliyati va amaliy yondashuvini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram