Hosil taqdirini hal qiladigan 30 kun

Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonida “G‘o‘za parvarishida dolzarb 30 kun” tashabbusi doirasida amaliy dala seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Chimboy tumani hokimi, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agrar soha mutaxassislari hamda olimlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida g‘o‘zaning ayni vegetatsiya davrida hosil taqdirini belgilaydigan eng muhim agrotexnik tadbirlar muhokama qilindi. Mutaxassislar sug‘orish rejimini ilmiy asosda tashkil etish, mineral oziqlantirishni me’yor asosida olib borish hamda qator oralari ishlovini o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Ta’kidlanganidek, aynan ushbu 30 kunlik davrda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish meva elementlarining saqlanib qolishi, ko‘saklar sonining ortishi va yuqori, sifatli hosil olishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tajriba maydonlarida olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar bilan tanishib, g‘o‘za hosildorligini oshirishga xizmat qiladigan zamonaviy agrotexnologiyalar yuzasidan fikr almashdilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube